17 October 2023

"O'zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi" AJ mahalliy kapital bozoridan resurslarni jalb qilishni boshladi

    "O'zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi" AJ (Kompaniya) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi PF-5715-sonli "Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoniga ko'ra tashkil etilgan bo'lib, Kompaniyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

 - mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag'larini jalb qilish va keyinchalik ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo'naltirish;

 -aholining arzon uy-joylarga ortib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;

 - qimmatli qog'ozlar, shu jumladan, ipoteka qimmatli qog'ozlarini chiqarish va investorlar o'rtasida joylashtirishni tashkil etish.

    Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida mahalliy kapital bozori resurslarini jalb qilish orqali ipoteka bozorini yanada rivojlantirish uchun Kompaniya 3 yil muddatga umumiy hajmi 140 milliard so'mga teng bo'lgan ilk korporativ obligatsiyalarni yopiq obuna usulida investorlar o'rtasida joylashtirdi.

    Korporativ obligatsiyalarni joylashtirishdan olingan mablag'lar tijorat banklari tomonidan aholiga bozor shartlari asosida ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo'naltiriladi va bu orqali banklar uzoq muddatli resurslar bilan ta'minlanadi.

    Kompaniya o'zining ilk korporativ obligatsiyalari orqali  kapital bozorini yanada rivojlanishiga, investorlar uchun portfelni diversifikatsiya qilish orqali bozor stavkalarida daromad olishiga imkon yaratadi. Kompaniya obligatsiyalarining jozibadorligi - bu obligatsiyalar bo'yicha tavakkalchilikka tortish darajasi juda pastligi, REPO instrumenti sifatida foydalanish imkoni borligi, ushbu obligatsiyalardan olinadigan daromadlarning soliqdan ozod qilinganligida.

    Kelgusida Kompaniyaning o'z oldiga qo'ygan rejalaridan biri kapital bozorida o'zining o'rta muddatli ipoteka obligatsiyalari dasturini hamda ta'minlangan obligatsiyalarni muomalaga chiqarish va bu orqali ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishga hissa qo'shishdir.

 

 

Поделиться: